Tirbandlik tufayli aeroportga kechikkan Birlashgan Arab Amirliklari fuqarosi politsiyaning unga bergan yordami haqida so‘zlab berdi, deb yozadi UAE Inside.
Abu-Dabidagi Al-Ayn amirligida yashovchi Sanil Metyu Hindistonning Kerala shtatidagi ona shahriga uchish uchun Sharja aeroportga shoshadi, ammo tirbandlikda qolib ketadi. “Bo‘ldi, kechikdim, ulgurmayman”, — deb turganida yo‘ldagi mashinalardan birida favqulodda holatlarda qo‘ng‘iroq qilish mumkin bo‘lgan 999 raqamini ko‘rib qoladi va uni terib, politsiyaga o‘zi tushib qolgan vaziyatni tushuntiradi.
15 daqiqadan so‘ng Sanilning yoniga politsiya patrul avtomobillari guruhi yetib keladi, haydovchilik guvohnomasini tekshirishgach, unga aeroportga qadar hamrohlik qilib borishadi. Aeroportda esa uni boshqa bir politsiyachi kutib oladi, ro‘yxatga olish yarim soat avval yakunlangan bo‘lishiga qaramay, politsiya so‘rovi bilan xodimlar kechikkan yo‘lovchini ro‘yxatga oladi va immigratsiya xizmatidan ham o‘tkazadi.
“Tekshiruv tugagach, politsiyachi qo‘limni siqib qo‘ydi va menga oq yo‘l tiladi”, — dedi Sanil uning dunyoga nazarini o‘zgartirgan voqeani mamnunlik bilan esga olar ekan.
Izoh (0)