Zamonaviy transplantologiya asoschisi bo‘lgan jarroh Tomas Starzl 90 yoshida Pittsburgdagi uyida vafot etdi, deb yozadi “Interfaks” Associated Press’ga tayanib.
Olimning o‘limi haqida uning nomi bilan atalgan Pittsburg universiteti ma’lum qildi. U yerda Starzl hayotining so‘nggi 35 yili davomida ishlagan, uning yarmini direktor lavozimida o‘tkazgan.
1963-yilda Starzl jigarni ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha birinchi klinik operatsiyani amalga oshirdi, to‘rt yildan keyin esa u o‘tkazgan shunday operatsiya tarixda birinchi marta muvaffaqiyatli yakunlandi. Starzl Pittsburgda dunyodagi birinchi transplantologiya markazini tashkil qildi, u 1980-yillar oxiriga kelib, yiliga 500 ga yaqin jigar ko‘chirib o‘tkazish operatsiyalarini amalga oshirgan.
Ko‘p yillar davomida Starzl eksperimental va klinik transplantologiya masalalari bilan shug‘ullanib, ikki mingdan ziyod ilmiy ish yozgan.
Izoh (0)