Google tarkibidagi haydovchisiz avtomobillarni boshqarish vositalarini ishlab chiquvchi Waymo kompaniyasi Uber va uning startapi Otto’ni sudga berdi, deb yozadi Business Insider. Waymo ularni o‘g‘irlangan texnologiyalardan foydalanishda ayblamoqda.
San-Fransisko okrug sudiga berilgan da’vo arizasida Google’da ishlagan muhandislar jamoasi avtomobilning atrof-muhitdagi obyektlarga nisbatan mo‘ljal olishini ta’minlaydigan lazerli datchik — lidar ishlanmasini o‘g‘irlaganligi aytiladi.
Da’vogar o‘g‘irlikdan yetgan zararni yarim milliard dollardan ziyodga baholamoqda.
Ish figuranti sifatida Google haydovchisiz avtomobillari ustida ishlagan jamoaning ilk a’zolaridan biri — Entoni Levandovski tilga olingan. To‘qqiz yillik ish faoliyatidan keyin, 2016-yil yanvarida u Otto’ga asos soldi. Olti oy o‘tgach, Uber Otto‘ni 680 million dollarga sotib oldi. Da’voda qayd etilishicha, Google’ni tark etishidan olti hafta avval Levandovski Waymo ishlanmalari haqidagi ma’lumotlardan iborat 14 mingta maxfiy fayllarni yuklab olgan.
Da’vogar ta’kidlashicha, Waymo ishlanmalari bilan “hayratlanarli darajada o‘xshash bo‘lgan” Uber lidar platasi chizmalari ilova qilingan elektron xatga uning manzili tasodifan tushib qolishi natijasida o‘g‘irlikdan xabar topgan.
Uber ayblovlar bilan tanishib chiqqanini va ushbu masalani “diqqat bilan ko‘rib chiqishi”ni ma’lum qildi.
Izoh (0)