Turkmaniston prezidenti saylovida ro‘yxatga olingan saylovchilarning 97,27 foizi qatnashdi. Bu haqda, Turkmaniston saylovlar va referendumlar o‘tkazish bo‘yicha markaziy komissiyasi ma’lumotlariga asoslanib, “Kommersant” xabar bermoqda.
Komissiyadan ma’lum qilishlaricha, saylov ro‘yxatiga kiritilganlardan 3 million 140 ming 865 kishi ovoz berishda qatnashgan. Saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan 19:00 (Toshkent vaqti bilan ham 19:00) yopilgan. Saylovning dastlabki natijalari 13-fevral, dushanba kuni e’lon qilinadi.
Turkmaniston prezidenti o‘rni uchun to‘qqiz kishi kurash olib bormoqda. Mamlakatning amaldagi rahbari Gurbanguli Berdimuhamedov saylov favoriti hisoblanadi.
Prezidentlik kursisi uchun, shuningdek, Sanoatchilar va tadbirkorlar partiyasidan Bekmirat Ataliyev, Agrar partiyadan Durdiqilich O‘razov va nomzodi fuqarolarning tashabbuskor guruhlaridan ilgari surilgan olti kishi da’vogarlik qilmoqda.
Turkmanistonda 2016-yil sentabrida konstitutsiyaning yangi tahriri qabul qilingan. Unga ko‘ra, prezidentning vakolat muddati beshdan yildan yetti yilgacha uzaytirilgan.
59 yoshli Gurbanguli Berdimuhamedov 2007-yildan beri hokimiyat tepasida. 2012-yili u ikkinchi marta besh yillik muddatga saylangan edi.
Izoh (0)