2016-yilning 31-oktabrida O‘zbekiston Prezidentining “Aholini dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, tegishli mutasaddi vazirlik va idoralar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi. Xo‘sh, ushbu qaror amaliyotga qanday joriy etilmoqda? Ko‘zda tutilgan vazifalar ko‘ngildagidek amalga oshirilmoqdami? Eng muhimi, aholi uchun, xalq uchun qanday qulaylik yaratildi?
Ushbu savollar bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi Dori vositalari va tibbiy buyumlar sifatini nazorat qilish Bosh boshqarmasi boshlig‘i Habibullo Jalilovga murojaat qildik:
— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori aholi va davolash-profilaktika muassasalarini aholi o‘rtasida keng tarqalgan kasalliklarni davolashda qo‘llaniladigan yuqori samaradorlikka ega bo‘lgan sifatli va arzon dori vositalari bilan ta’minlashga qaratilgan. Qaror 2017-yilning 1-yanvaridan e’tiboran kuchga kirdi. Ushbu qaror tom ma’noda xalq manfaatlariga qaratilgan va uning ijrosi ham shunga muvofiq bekamu ko‘st amalga oshirilishi shart.
Ochig‘i, keyingi vaqtlarda bemorlarga retsept yozishda mavjud me’yor-qoidalarni buzish, mahalliy mahsulotlar qolib, chet elda ishlab chiqarilgan dori-darmon vositalarini buyurish holatlari ko‘paygan edi. Qolaversa, dorixonalarda preparatlar bahosining turlicha ekani aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘ldi.
Mazkur qarorga muvofiq, bunday holatlarni bartaraf etish maqsadida 2017-yilning 1-yanvaridan yangi tartib-qoida joriy etildi. Endilikda chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish, ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilgan holda amalga oshiriladi.
Tibbiyotda keng qo‘llaniladigan 300 dan ortiq nomdagi ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari uchun muayyan narxlar joriy etildi. Bu narxlar davolash muassasalari va aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni tizimli asosda nazorat qilish bo‘yicha tashkil etilgan Respublika komissiyasi tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari uchun jahon narxlari konyunkturasini tahlil qilish asosida o‘rnatilgan tartibda har chorakda belgilanadi
O‘z navbatida, yuridik shaxslar tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlariga narx belgilash tartibi qo‘pol ravishda buzilsa, ularga qat’iy jazo qo‘llaniladi va hatto litsenziyasini bekor qilish ko‘zda tutilgan.
Umuman olganda, ushbu qarorning hayotga tatbiq etilishi ichki bozorni arzon va sifatli dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan yanada to‘liq ta’minlash, tashxis qo‘yish va davolash standartlarida ko‘zda tutilmagan hamda qimmat import dori vositalarini tavsiya etish bo‘yicha nomaqbul amaliyotning oldini olish va kelgusida bunday hollarga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradi.
Ushbu qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha Sog‘liqni saqlash tizimidagi dorixonalar, davolash profilaktika muassasalari va xususiy dorixonalarga yetkazish bo‘yicha joylarda seminarlar o‘tkazildi. Seminarlarda mazkur qarorning mazmun-mohiyati va undan kelib chiqadigan vazifalar haqida axborot berildi. Shuningdek, 2017-yilning 1-yanvaridan boshlab respublikamizdagi barcha 5500 ga yaqin dorixonalarning “Iste’molchilar burchagi” tashkil etilib, unda barcha dorixonalar uchun majburiy bo‘lgan eng zarur dori vositalari va tibbiy buyumlarning minimal ro‘yxati, retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxati, belgilangan narxlarda sotiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlarning cheklangan narxlari, cheklangan narxlarda sotuvga chiqariladigan mahalliy dori vositalari va tibbiy buyumlarning 2016 va 2017-yillar uchun taqqosiy jadvalini osib qo‘yilishini ta’minlanmoqda.
Ushbu qaror aholiga moddiy jihatdan qanday manfaat keltirdi, degan savolga javob sifatida e’tiboringizni bir raqamga tortsam. Cheklangan narxlarda sotuvga chiqariladigan mahalliy dori vositalari va tibbiy buyumlarning 2016 va 2017-yillar uchun taqqosiy jadvali mahalliy dori vositalarining narxi 8 foizdan 44 foizgacha pasayganligini ko‘rsatdi. Demak, xalqimiz endi mahalliy dori vositalari va tibbiy buyumlarini sezilarli darajada past narxlarda xarid qilish imkoniga ega bo‘ldi.
Albatta, mana shunday hayotiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini, yurtimizda olib borilayotgan har bir islohot, eng avvalo, inson manfaatlariga qaratilgani bilan ahamiyatli. Ushbu harakatlar el salomatligini asrash yo‘lidagi ulkan sa’y-harakatlar samaradorligi yanada oshirishi shubhasizdir.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Axborot xizmati
Izoh (0)