Yelizaveta Glinkaning “Adolatli yordam” fondi Suriyadagi Tishrin gospitali mijozlari uchun yangi gumanitar yukni shakllantirdi. Bu haqda tashkilot saytida ma’lum qilindi, deb xabar beradi “RBK”.
Shuningdek, Donetskdan yaralangan va og‘ir xasta bolalarning evakuatsiyasi ham odatiy tartibda amalga oshiriladi. Evakuatsiya 2017-yil yanvariga mo‘ljallangandi.
“Doktor Lizaning loyihalari to‘xtab qolgani yo‘q. Barcha xodimlar o‘z vazifalarini bajarishda davom etmoqda. Yanvarda fond qoshida jamoatchilik kengashini tuzish mo‘ljallanmoqda. Unga Yelizaveta Glinkani sevgan va uning ishini davom ettirishga yordam berishga tayyor kishilar taklif etiladi”, — ma’lum qildi fond vakillari.
Doktor Liza nomi ostida tanilgan Yelizaveta Glinka Rossiya mudofaa vazirligining Qora dengizga qulagan Tu-154 samolyoti bortida bo‘lgan. U Latakiyadagi Tishrin gospitaliga gumanitar yuk eltayotgandi.