BMT bosh kotibi Pan Gi Mun 30-dekabr, juma kuni, vakolati tugashidan bir kun avval xalqaro tashkilotning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasini tark etdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
O‘zining 38-qavatdagi kabinetini bo‘shatar ekan, BMTning hisob bo‘yicha sakkizinchi rahbari ayrimlari 2007-yildan beri birga ishlagan xodimlar bilan xayrlashdi.
“Oxirgi 10 yil mobaynida minglab nutq so‘zladim. Lekin hali ham aytadiganlarim ko‘p. Hozir xayolimda faqat ikki so‘z aylanyapti: sizlarga rahmat. Sizlarni hamkasbim deb atashdan faxrlanaman. Shu paytgacha menga minglab xodimlar va BMTga a’zo davlatlar yordam berib keldi. Endi hammasi o‘zimga qolib ketadigan bo‘ldi”, — dedi hazilomuz Pan Gi Mun.
Pan Gi Mun xalqaro tashkilot rahbari sifatida oxirgi bor 31-dekabr, shanba kuni Nyu-Yorkdagi Tayms-skver maydonida Yangi yil bayrami maxsus mehmoni bo‘ldi va 2017-yilgacha qolgan daqiqalarni hisoblovchi tugmani bosib berdi.