Yaponiya G7 ning boshqa mamlakatlari Suriya bo‘yicha 7-dekabr kuni e’lon qilgan qo‘shma bayonotni qo‘llab-quvvatlamadi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad mazkur qaror bir haftadan so‘ng Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarga salbiy ta’sir o‘tkazishining oldini olish edi, deb xabar beradi “TASS”.
“Biz bu masalada TIV hamda bosh vazir devonxonasi amaldorlari ishtirokida maslahatlashuvlar o‘tkazdik. AQSh yoki Yevropaga emas, Rossiyaga moyillik ko‘rsatishga qaror qilindi, negaki bizning ushbu bayonotdagi ishtirokimiz Suriyadagi ixtilofni bartaraf etishda katta o‘rin tutmasdi”, — dedi Kyodo agentligining hukumatdagi manbasi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilda G7 ga raislik qilayotgan Yaponiyaning bu masaladagi pozitsiyasi guruhning boshqa ishtirokchilari tomonidan keskin tanqid ostiga olindi. Ularning fikricha, rasmiy Tokio o‘z manfaatlarini Suriya inqirozidan ustun qo‘yib, G7 birdamligiga zarar yetkazdi.
Bayonotga Fransiya, AQSh, Germaniya, Kanada, Italiya va Buyuk Britaniya qo‘shilgan edi.
Izoh (0)