Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) 2017—2019-yillar uchun yangi “O‘zbekiston Respublikasi davlat sektoriga innovatsiyalarni joriy qilish uchun Davlat boshqaruvi akademiyasi salohiyatini yaxshilash” loyihasini tayyorladi, deya xabar bermoqda UZ24.
27-dekabr kuni KOICA O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan uni amalga oshirish uchun muhokamalar protokolini imzoladi.
Loyiha doirasida O‘zbekistonda xodimlarni boshqarish siyosati va davlat xizmatchilarini tayyorlash tizimi bo‘yicha konsultatsiyalar berish, Davlat boshqaruvi akademiyasining ta’lim salohiyatini mustahkamlash, shuningdek, davlat xizmatchilari, shu jumladan, Akademiya talabalari, professor-o‘qituvchilari, o‘qituvchilari va xodimlari salohiyatini mustahkamlash rejalashtirilmoqda.
KOICA va Davlat boshqaruvi akademiyasi O‘zbekistondagi davlat xizmatchilari uchun kadrlarni tayyorlash tizimining bosh rejasini ishlab chiqishi, shuningdek, “Kadrlarni rivojlantirish” mavzusida Koreya—O‘zbekiston jamoatchilik anjumanini o‘tkazishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, yangi o‘quv dasturlari va o‘qitish uslublari, o‘qituvchilar va xodimlar uchun seminarlar ishlab chiqiladi. Davlat boshqaruvi akademiyasi talabalari, o‘qituvchilari va xodimlari, shuningdek, Janubiy Koreyada ixtisoslashtirilgan ta’lim kurslarida o‘qiydi.
Izoh (0)