Rossiya 2017-yili Tyumen shahrida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan biatlon bo‘yicha Jahon kubogi bosqichini o‘tkazishdan bosh tortdi. Bu haqda Rossiya biatlonchilar ittifoqi 22-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Xalqaro biatlonchilar ittifoqi (IBU)ga ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Meduza.
Bunday qarorga kelishning asosiy sababi sifatida Butunjahon antidoping agentligi (WADA) mustaqil komissiyasi rahbari Richard Maklarenning 9-dekabr kuni e’lon qilgan hisobotining ikkinchi qismi ko‘rsatilmoqda. Hisobotga ko‘ra, mingdan ortiq sportchi Rossiyada amalda bo‘lgan doping qabul qilish tizimidan u yoki bu ko‘rinishda foyda olgan.
Avvalroq Buyuk Britaniya, Norvegiya va Chexiya terma jamoalari Rossiya mezbonlik qiladigan biatlon bo‘yicha Jahon kubogiga boykot e’lon qilgandi.
Xabarda qayd etilishicha, IBU ikki nafar rossiyalik biatlonchini diskvalifikatsiya qildi, yana 29 nafari qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tadi. Doping qabul qilishda gumonlanayotgan sportchilarning ismlari ma’lum qilinmagan.
Bundan tashqari, 2017-yilning mart oyida Rossiyaning Chelyabinsk shahrida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan konkida yugurish bo‘yicha Jahon kubogi finali Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tavsiyasi bilan bekor qilingani ta’kidlanmoqda.
Ilgariroq rossiyalik sportchilar bilan yuz bergan doping mojarolari sabab Rossiya Sochi shahri mezbonlik qilishi kerak bo‘lgan bobsley bo‘yicha 2017-yilgi jahon chempionatidan mahrum qilingandi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)