Tulaning “Arsenal” jamoasi fan-klubi rahbari Sergey Gorbachyov Fransiya qamoqxonasidan ozod etilganiga qaramay, 16—17-yanvar sanalariga qadar uni qamoqda olib qolishlarini so‘rab, murojaat qildi. “TASS” ma’lumotiga ko‘ra, Gorbachyov boshqa bir rossiyalik mahbus Mixail Maksimovni Fransiya qamoqxonasida yolg‘iz qoldirishni istamagan.
Futbol bo‘yicha Yevro—2016 vaqtidagi tartibsizlik sabab Fransiya hukumati bir qator rossiyalik muxlislarni hibsga olgan bo‘lib, shularning 3 nafarini ozodlikdan mahrum qilgandi. 21-dekabr kuni Marsel shahri sudi rossiyalik futbol muxlislarini shartli ravishda ozodlikka chiqarish hukmini o‘qidi.
Unga ko‘ra, Sergey Gorbachyov va “Dinamo” fan-klubiga boshchilik qiladigan Nikolay Morozov yangi yilga qadar Fransiyadan Rossiyaga deport qilinishi kerak bo‘lsa, “Lokomotiv” fan-klubi rahbari Aleksey Yerunov yanvar oyining o‘rtalariga qadar hibsda bo‘lishi kerak edi. Gorbachyov esa do‘stini yolg‘iz qoldirishni istamagan.
“Sergeyni yangi yilga qadar qo‘yib yuborishlari kerak edi. Biroq u do‘sti Alekseysiz qaytmasligini bildirib, o‘z xohishiga ko‘ra muddat so‘radi va uni Aleksey bilan bir vaqtda qo‘yib yuborishlarini iltimos qildi. Sud iltimosni qabul qildi va ular Rossiyaga birga qaytadigan bo‘lishdi”, — deb ma’lumot bergan “Arsenal” klubi muxlislariga yetakchilik qilayotgan Mixail Maksimov.
Ma’lumot uchun, Yevro—2016 doirasida bo‘lib o‘tgan Rossiya va Angliya uchrashuvidan keyin Fransiya politsiyasi rossiyalik 43 nafar muxlis joy olgan avtobusni qo‘lga olgandi. Tartibsizlik keltirib chiqarishda gumon qilinganlardan 20 nafari qo‘yib yuborilgan, yana 20 nafari Fransiyadan deport qilingandi.
Keyinroq sud Yerunovni 2 yil muddatga, Gorbachyovni 1,5 yil va Morozovni 1 yilga ozodlikdan mahrum qilish qarorini chiqardi. Apellyatsiya sabab sud keyinroq jazo muddatini qisqartirgandi.
Izoh (0)