Shu yilning 20-noyabr tunida Kolumbiya tomon yo‘l olgan va o‘z bortiga “Shapekoense” futbolchilarini joylagan samolyot halokatga uchragandi. 71 nafar yo‘lovchisi halok bo‘lgan samolyotdan faqatgina 6 kishi omon qoldi. Ular orasida “Shapekoense” futbol klubi himoyachisi Alan Rushel ham bor edi, deb yozdi “Meduza”.
Avval 1 daqiqaga ham bormaydigan mana shu videoni tomosha qiling. Bunda ispan yoki portugal tilini tushunish masalasi hech qanday rol o‘ynamaydi.
Bu “Shapekoense” himoyachisi Alan Rushel. Aviahalokatdan ko‘p o‘tmay, undan omon qolganlar orasida nisbatan kamroq jabrlangani aytilgan futbolchi. Dahshatli voqeadan keyin Rushelning qo‘llari, oyoqlari, boshi lat yegandi, umrtqa pog‘onasiga aziyat yetgandi. Biroq bularning hech biri futbolchining hayotiga rahna sola olmadi. Voqea joyiga qutqaruvchilar yetib kelganida Rushel o‘zida edi. U birinchi bo‘lib yo‘qotib qo‘ygan nikoh uzugini topib berishlarini so‘radi.
17-dekabr kuni Rushel qanday qilib omon qolgani va samolyotda nimalar bo‘lgani haqida so‘zlab berishga kuch topdi. Himoyachining so‘zlariga ko‘ra, u samolyotning dum qismidan joy olgan. Uchish vaqti yaqinlashganida klub menejeri Kadu Gaucho kelib, Rusheldan joyini o‘zgartirishni so‘ragan. Uning fikriga ko‘ra, futbolchilar bilan bir samolyotdan joy olgan jurnalistlarning o‘zi alohida guruh bo‘lib o‘tirishi kerak edi.
Avvaliga Rushel joyini almashtirishni istamadi. Uni esa darvozabon Jekson Folmann ko‘ndirdi, uning oldida bo‘sh joy bo‘lgani uchun ham jamoadoshini taklif qildi. Yakunda esa ularning har ikkisi ham tirik qoldi. Garchi halokatdan keyin shifokorlar Folmanning oyoqlarini kesib tashlagan bo‘lsa ham.
“Mening qanday qilib omon qolganimni faqatgina Xudo tushuntirib berishi mumkin. U menga ikkinchi bor imkoniyat berdi”, — deydi Rushel.
Matbuot anjumanida futbolchi halok bo‘lgan jamoadoshlarining oila-a’zolarini ko‘rish istagini bildirdi. Shuningdek, futbolga qaytishni rejalashtirayotgani haqida aytib o‘tdi. Bitta jamoaga — “Shapekoense”ga.
Izoh (0)