Lesli Morrison hamda uning Darem universiteti (Britaniya) va Dengiz astronomiya almanaxi xodimlari bo‘lmish hamkasblari miloddan avvalgi 780-yildan 2015-yilgacha bo‘lgan Yerning aylanishiga doir tarixiy ma’lumotlarni bir yerga to‘plab, tahlildan o‘tkazdi. Proceedings of the Royal Society A jurnalida chop etilgan maqolasida ular sutka davomiyligini aniq o‘lchash 1962-yilda Xalqaro atom vaqti joriy etilishi bilan boshlanganini, unga qadar esa odamlar astronomiya, arxeologiya, geofizika va tarixiy daraklarga asoslanib kelganini ta’kidlaydi. Maqola mazmunini TJournal keltirdi.
Oldingi Oy va Quyosh tutilishlari vaqtining nazariy hisob-kitoblari qadimgi Xitoy, Bobil, Misr, Yunoniston solnomalari bilan qiyoslandi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, oxirgi ming yilliklar davomida Quyosh va Oy tutilishlarining aniq vaqti nazariy hisob-kitoblardan biroz farqlangan, buning natijasida yuz yilda bir kun taxminan 2 millisekundga uzayib borgan.
Aytilishicha, Yer aylanishining sekinlashuviga faqatgina dengiz suvlarining sohilga urilishi va Oy fazalari ta’sir o‘tkazib qolmaydi. Olimlarning fikricha, bunga qo‘shimcha tarzda oxirgi muz davridan buyon davom etayotgan global massalar qayta taqsimoti, shu jumladan, qutb muzlarining erishi va dengiz sathining o‘zgarishi ta’sir o‘tkazmoqda. Bundan tashqari, sayyora yadrosi va mantiyasi o‘rtasidagi hozircha tushunarsiz bo‘lib qolayotgan elektromagnit ta’sirlashuvi, shuningdek, yer silkinishlari ham bunda ma’lum rol o‘ynashi mumkin.
Izoh (0)