Malayziya futbol ligasining “T-Tim” klubida o‘zbekistonlik futbolchi Pavel Smolyachenko sinovda bo‘lib turibdi. Bu haqda “Championat.asia” nashri xabar berdi.
Smolyachenko O‘zbekiston Oliy Ligasining 2016-yilgi mavsumini “Buxoro” klubida boshlab, uni quyi divizionga tushib ketgan “Andijon” klubida yakunlagandi. Harakatlari ma’qul kelsa, Malayziya klubi uni o‘z safida olib qoladi.
Pavel Smolyachenkodan tashqari o‘z vaqtida Rossiya milliy terma jamoasi sharafini himoya qilgan Dmitriy Sichev ham “T-Tim” ko‘rigida ekani aytilgan. Avvalroq “Lokomotiv” futbolchilari Temurxo‘ja Abduxoliqov va Kaxi Maxaradzening “T-Tim” safiga borib qo‘shilishi borasida xabar paydo bo‘lgan, Temurxo‘janing o‘zi buni inkor etmagandi.
Mazkur klub safida bunga qadar Farhod Tojiyev va Sadriddin Abdullayev kabi o‘zbekistonlik futbolchilar harakat qilgan.
Izoh (0)