Kolumbiyaning “Atletiko Nasyonal” futbol klubi Janubiy Amerika futbol konfedratsiyasi (KONMEBOL)ga aviahalokatga uchragan Braziliyaning “Shapekoense” klubini Janubiy Amerika Kubogi – Kopa Sudamerikano g‘olibi deb e’lon qilish taklifini bildirdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Boliviyaning Lamia aviakompaniyasiga tegishli havo kemasi Boliviyaning Santa-Krus-de-la-Syerra shahridan Kolumbiyaning Medelin shahriga yo‘l olayotgan edi. Samolyot Rionegro shahri yaqinida halokatga uchradi. Layner bortida 72 yo‘lovchi hamda 9 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot ichida futbol bo‘yicha Braziliya A seriyasida harakat qilayotgan “Shapekoense” klubining 27 futbolchisi bo‘lgani ham xabar qilingandi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, “Shapekoense” klubining ikki futbolchisi – zaxira darvozaboni Jekson Follmann va himoyachi Alan Rushel tirik qolgan. Qutqaruvchilar tomonidan tirik topilgan jamoaning asosiy posboni Danilo keyinroq shifoxonada jon berdi.
“Shapekoense” futbolchilari 1-dekabr kuni Kopa Sudamerikano musobaqasi final bahsi ilk uchrashuvi doirasida “Atletiko Nasyonal” klubiga qarshi maydonga tushishi kerak bo‘lgan. “Shapekoense” o‘z tarixida ilk bor mazkur musobaqaning final bellashuviga chiqqan edi.
Ma’lumot uchun, Kopa Sudamerikano Janubiy Amerika mintaqasi klublari o‘rtasidagi Kopa Libertadores turniridan keyin nufuzi jihatdan ikkinchi o‘rinda turadigan musobaqadir.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)