O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi hukumat portali ma’lumot berdi.
Deputatlar jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirishga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdi.
Deputatlar o‘z ishlarini “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama qilishdan boshladi.
Shundan so‘ng parlament quyi palatasi deputatlari “Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.
Majlis chog‘ida ta’kidlandiki, “Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi qonun loyihasining qabul qilinishi ma’muriy qamoqni o‘tash sohasidagi munosabatlarni qonuniy tartibga solish, jumladan, mazkur munosabatlar subyektlarining huquq va erkinliklari himoyasini ta’minlashga, bu boradagi vazifalarning so‘zsiz bajarilishiga xizmat qiladi.
Mazkur huquqiy hujjatlarning muhokamasi siyosiy partiyalar fraksiyalari nuqtai nazarlarini inobatga olgan holda qizg‘in va erkin munozara shaklida bo‘lib o‘tdi. Deputatlar qonunlarni qabul qilish hamda ularni Senatga yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Majlisda deputatlar boshqa masalalarni ham muhokama qildi.
Izoh (0)