Rossiyaning ko‘plab internet-nashrlarida 14-noyabr, dushanba kuni AQSh prezidentligiga saylovlarda mag‘lub bo‘lgan Hillari Klinton go‘yoki turmush o‘rtog‘i Bill Klinton bilan ajralishga qaror qilgani haqida yangilik paydo bo‘ldi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
Dastlabki manba sifatida The Christian Times Newspaper gazetasi sayti (“Christiantimesnewspaper.com”) ko‘rsatilgan, bu yerda mazkur xabar 10-noyabr, payshanba kuni chop etilgandi. Unga ko‘ra, Hillarining advokatlari Nyu-York shtati Oliy sudiga tegishli hujjatlarni jo‘natgan va ularda ajrim sababi sifatida “yengib bo‘lmas kelishmovchiliklar” ko‘rsatilgan. Biroq, ma’lum bo‘lishicha, gazetaning haqiqiy sayti boshqa manzilda (“Christiantimes.com”) joylashgan.
Inglizzabon OAVlar, jumladan, The Huffington Post va uydirma yangiliklarni fosh etuvchi “Snopes.com” sayti “Christiantimesnewspaper.com” oldin ham soxta yangiliklarni e’lon qilganini eslatib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, Hillari va Bill Klinton 1975-yilda turmush qurgan bo‘lib, ularning Chelsi ismli qizi bor.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)