Janubiy Koreya prokuraturasi mamlakat prezidenti Pak Kin Xening ikki sobiq yordamchisini korrupsiya va xizmat vakolatini suiiste’mol etish ishi bo‘yicha so‘roq qildi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
“An Bon Gin va Li Chje Man bugun Chxve Sun Sil ishi yuzasidan ko‘rsatma berdi”, — deyiladi prokuratura saytiga joylashtirilgan qisqa xabarda. Bu bilan bog‘liq qo‘shimcha tafsilotlar ma’lum qilinmadi. So‘roq qilinganlar jurnalistlarga tergov bilan to‘liq hamkorlik qilish niyatida ekanliklarini bildirdi.
Ikki yordamchi ham ularning prezident dugonasi Chxve Sun Sil atrofidagi mojaroga aloqadorliklari haqida OAVlarda xabarlar paydo bo‘lganidan so‘ng o‘tgan oyda iste’fo bergandi. Janubiy Koreya huquq-tartibot idoralari Sil xonim mamlakat yetakchisiga yaqinligidan yirik korporatsiyalardan pul ta’ma qilishda foydalangan deb hisoblamoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Janubiy Koreya prokuraturasi tarixda birinchi marta mamlakat prezidentini so‘roq qilishi mumkinligi ma’lum qilingandi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)