AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp yiliga 400 ming dollarlik prezident maoshidan voz kechib, bor-yo‘g‘i 1 dollar olishini ma’lum qildi, deb yozadi “Interfaks”.
“Men oylik olmoqchi emasman, men uni olmayman”, — dedi Tramp CBS telekanaliga bergan intervyusida. U bu haqda saylovoldi kampaniyasidayoq aytib o‘tganini eslatdi. “Qonun bo‘yicha yiliga 1 dollar olsam kerak, deb o‘ylayman”, — dedi u.
Trampning bayonoti 8-noyabrdagi prezidentlik saylovlari natijalari e’lon qilinganidan buyon davom etayotgan norozilik aksiyalari fonida yangradi. Qator yirik shaharlarda odamlar ko‘chalarga chiqib, saylangan prezidentni irqchilik, jinsiy ayirmachilik, militarizm va boshqalarda aybladi.
Tramp namoyishchilarga murojaat qilib, ularni undan qo‘rqmaslikka chaqirdi. U siyosiy maydonda o‘zini yaxshi tutishga va’da berdi.
Izoh (0)