AQSh hukumati keng ko‘lamli vayronkor natijalarga olib kelishi mumkin bo‘lgan Yerning asteroid bilan to‘qnashuvi ehtimolini ko‘zda tutuvchi shtab qo‘mondonlik mashqlarini o‘tkazdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
NASA va AQSh favqulodda vaziyatlar agentligi (FEMA) mazkur mashg‘ulotlar tashkilotchisi bo‘ldi. Ularda, shuningdek, Pentagon, milliy laboratoriyalar va Kaliforniya shtati rasmiylari ham ishtirok etdi. Mashqlar aynan mazkur shtat hududida, El-Segundo shaharchasi bo‘lib o‘tdi.
Oldindan tayyorlangan ssenariyga ko‘ra, 2020-yil 20-sentabrda Yer asteroid bilan to‘qnashishi munosabati bilan amalga oshirilishi zarur harakatlar diqqat markazida bo‘ldi. Los-Anjeles shahri va uning atrofidagi aholi, ya’ni 13 millionga yaqin kishini ommaviy evakuatsiya qilish rejasi sinovdan o‘tkazildi. Mashqlarda nafaqat to‘qnashuv oqibatlari modeli o‘rganildi, balki turli mishmish va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni inkor etish uslublari ham ko‘rib chiqildi.
NASA vakillariga ko‘ra, mazkur mashqlar asteroid bilan to‘qnashuvlar chog‘idagi harakatlarga bag‘ishlangan hisob bo‘yicha uchinchisi bo‘ldi.
Izoh (0)