Slovakiya Respublikasi poytaxti Bratislavada tashkil etilgan brifingda O‘zbekistonda davom etayotgan saylov kampaniyasiga doir ma’lumotlar berildi. Bu haqda “Daryo”ga TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Brifingga, birinchi galda, Slovakiya oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar, shuningdek, Slovakiya TIV vakillari, Slovakiya savdo va investitsiyalarni rivojlantirish agentligi xodimlari, mamlakat akademik va ishbilarmon doiralari namoyandalari taklif etildi.
Ishtirokchilarga O‘zbekiston Prezidenti saylovini tashkil etish jarayoni, saylovchilar uchun yaratilgan sharoitlar, mamlakatning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida tashkil etilgan saylov uchastkalarida ovoz berish imkoniyati haqida ma’lumot berdi.
Saylovchilarning umumiy soni 21435000 kishini tashkil etgani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, jami 9378 saylov uchastkasi tashkil etilgani, shulardan 44 tasi O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalarida ekanligi aytildi. Saylov uchastkalari barcha zarur aloqa vositalari, kompyuterlar va texnika bilan, shuningdek, huquqiy adabiyot bilan ta’minlangan. Maxsus ajratilgan joylarda yashirin ovoz berish uchun kabinalar, saylov qutilari, onalar va bolalar xonalari, tibbiyot kabinetlari o‘rnatilgan.
Tadbir davomida ishtirokchilar davlat hokimiyatini demokratlashtirish va fuqarolik jamiyatini qurish bo‘yicha islohotlarning borishi haqida, shuningdek, “Ona va bola yili” doirasida olib borilayotgan ijtimoiy tadbirlar haqida ma’lumotga ega bo‘ldi.
Brifing konstruktiv muloqot va fikr almashish ruhida kechdi.
Izoh (0)