“Dizel mojarosi”ni tartibga solish bo‘yicha kompensatsiya sifatida Germaniyaning Volkswagen kompaniyasi AQShdagi Volkswagen mashinalari egalari, shuningdek, AQSh ma’muriyatiga umumiy hisobda 14,7 milliard dollar to‘laydi. Bu haqda “RBK” xabar bermoqda.
Mazkur summa San-Fransisko okrug sudi tomonidan tasdiqlangan. The Wall Street Journal’ning qayd etishicha, bu AQSh tarixida avtomobil ishlab chiqaruvchilar tomonidan to‘langan eng katta kompensatsiya pulidir.
Volkswagen o‘z xaridorlariga ularning mashinalarini sotib olishni yoki ularni AQSh ekologiya standartlariga muvofiq ravishda kompaniya hisobidan ta’mirlab berishni taklif qiladi.
Bundan tashqari, “dizelgeyt” doirasida AQShdagi Volkswagen egalari o‘rtacha 5,1 ming dollardan 10 ming dollargacha qo‘shimcha kompensatsiya puli oladi. Sud qaroriga ko‘ra, Volkswagen tabiatni muhofaza qilish jamg‘armalariga 4,7 milliard dollar to‘laydi.
Volkswagen o‘zining AQShdagi muammoli avtomobillarini 2016-noyabridan chaqirishni boshlashi kerak. Agar 2019-yil iyuniga qadar muammoli avtomobillarning 85 foizi soz holatga keltirilmasa yoki yo‘llardan olinmasa, Volkswagen’ga qo‘shimcha jarima solinishi mumkin.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)