Tailand sobiq bosh vaziri Yinglak Chinavat unga nisbatan 1 milliard dollarga yaqin jarima jazosini tayinlash haqidagi hukumat qaroridan norozi va uning ustidan sudga shikoyat kiritish niyatida. Bu haqda u qisqa brifing chog‘ida jurnalistlarga ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
“Qonun nuqtai nazaridan qaror noto‘g‘ri. Men qaror ustidan shikoyat kiritish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanaman”, — dedi Chinavat.
Sentabr oyi oxirida maxsus davlat komissiyasi sobiq bosh vazirga nisbatan 35,7 milliard bat (1 milliard dollar atrofida) miqdoridagi jarimani tayinlagan edi. Mazkur haftada Tailand moliya vaziri o‘rinbosari tomonidan tegishli qaror imzolandi.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyidayoq Tailand moliya vazirligi komissiyasi Yinglak Chinavatga nisbatan tekshiruvni yakunlab, uni 2013—2014-yillarda dehqonlardan garovga guruch sotib olish bo‘yicha davlat dasturini amalga oshirishda mas’uliyatsizlik ko‘rsatganlikda aybdor deb topgan edi. Biroq jarima miqdorini aniqlash uchun yana sakkiz oy kerak bo‘ldi.
Izoh (0)