Bahrayn mezbonligida o‘tayotgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo Chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi ketma-ket ikki g‘alabani qo‘lga kiritib, chorak final masalasini muddatidan oldinroq hal qildi.
Xitoyga qarshi bo‘lib o‘tadigan 3-tur natijasi qanday bo‘lsa ham, O‘zbekiston “D” guruhini birinchi o‘rinda yakunlab bo‘ldi.
“O‘z shogirdlarim bilan faxrlanaman. Ular ilk daqiqadan boshlab, to oxirgi soniyaga qadar kurash olib borishdi. Harakter namoyish etib, 3 ochkoni olishdi. G‘alaba juda muhim edi, men baxtliman”, — deb fikr bildirdi o‘yindan keyin bosh murabbiy Jasur Abduraimov.
Avstraliya termasi ustozi Ufuk Talay esa shogirdlari O‘zbekistondan har jabhada mag‘lub bo‘lganini tan oldi: “Xatolarimiz uchun jazolandik. Yetarli darajada yaxshi o‘ynay olmadik. Raqib darvozasi oldida yetarlicha hujum qilmadik. O‘zbekiston esa juda yaxshi himoyalandi. Ularga gol urish qiyinligini bilardik”.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston termasi 1-turda Tojikiston ustidan irodali g‘alabani qo‘lga kiritgandi. Avstraliyaga qarshi o‘yinda esa 1 ta qizil kartochka va darvozaga belgilangan 2 ta 11 metrlik zarba ham O‘zbekiston yoshlarining g‘alabasiga halal bera olmadi.
Izoh (0)