Bahraynda bo‘lib o‘tayotgan futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Osiyo Chempionatida O‘zbekiston termasi ketma-ket ikkinchi g‘alabasiga erishib, Iroqdan keyin chorak final masalasini hal qilgan ikkinchi jamoaga aylanib oldi.
Musobaqani Tojikiston ustidan qozonilgan irodali g‘alaba bilan boshlagan o‘zbekistonlik futbolchilar, 2-turda Avstraliyani mag‘lub etdi — 3:1. Uchrashuvni boshqarib borgan hakam 55-daqiqada o‘zbekistonlik futbolchini maydondan chetlatdi, 63 va 93-daqiqalarda esa O‘zbekiston darvozasi tomon 2 marta 11 metrlik jarima zarbasi tayin qildi. Shunga qaramay Jasur Abduraimov shogirdlari hisobdagi ustunlikni saqlab qola oldi.
O‘zbekiston 3-turni 21-oktabr kuni guruh autsayderi Xitoyga qarshi o‘tkazadi. Mazkur bellashuvda hisob qanday bo‘lishi O‘zbekiston uchun ahamiyatga ega emas. Boisi jamoa muddatidan avval guruh peshqadamiga aylandi.
2-turning ikkinchi o‘yinida Tojikiston terma jamoasi Xitoyni mag‘lub etdi — 2:0. Xitoy turnirdagi ilk o‘yinida Avstraliyaga ham imkoniyatni boy bergandi — 0:1.
Chorak finalda O‘zbekiston termasi “C” guruhida ikkinchi bo‘lgan jamoaga qarshi kurash olib boradi. Mazkur zonada 2-turdan keyin Yaponiya va Qatar 4 tadan, Eron esa 2 ta ochkoga ega.
Osiyo Chempionati—U19 “D” guruhi. 2-tur 18-oktabr, seshanba
O‘zbekiston — Avstraliya 3:2
Gollar: Bobur Abdixoliqov, 28 (1:0). Doston Ibragimov, 38 (2:0). Doston Ibragimov, 47 (3:0). Liam Yulliy, 63-pen (3:1). Jorj Blekvud, 90+3-pen (3:2).Chetlatish: Islom Qobilov, 55 (O‘).O‘zbekiston U19: Umid Xamroyev — Hojiakbar Alijonov, Islom Qobilov, Xushnud Avilov, Aziz G‘aniyev, Jasur Yaxshiboyev (Saidjamol Davlatjonov, 84), Bobur Abdixoliqov (Javohir Esonqulov, 69), Sharof Muhiddinov, Oybek Rustamov, Jamshid Yusupov, Doston Ibragimov (Shohrux Mahmudhojiyev, 82).