O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov 17-oktabr, dushanba kuni Islom hamkorlik tashkiloti tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasida ishtirok etish uchun Toshkent shahrida bo‘lib turgan Pokiston Islom Respublikasi delegatsiyasi rahbari, Pokistonning tashqi ishlar bo‘yicha davlat vaziri, Bosh vazirning maxsus yordamchisi Said Toriq Fotimiy bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Muloqot chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishning amaliy masalalari, jumladan, 2015-yil noyabr oyida Pokiston bosh vaziri Navoz Sharifning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida va oliy darajadagi muzokaralar davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi.
Suhbat davomida 18-oktabr kuni ochiladigan IHT TIVKning 43-sessiyasi kun tartibiga kiritilgan masalalar hamda ayrim xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda Pokistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Riaz Husayn Buxoriy ishtirok etdi.
Izoh (0)