Germaniya transport vazirligi elektromobillar ishlab chiqaruvchi Tesla Motors kompaniyasidan iste’molchilarni chalg‘itmaslik uchun o‘zining reklama kampaniyasida “avtopilot” atamasini qo‘llamaslikni so‘radi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
“Iste’molchilar o‘rtasida tushunmovchilik keltirib chiqarmaslik va behuda ishonib qolmasliklari uchun mazkur funksiya reklamasida ‘avtopilot’ atamasini qo‘llanmasligini talab qilamiz”, — deyiladi vazirlik maktubida.
Germaniya avtotransport federal boshqarmasi 14-oktabr, juma kuni Tesla avtomobili egalariga yo‘llarda jiddiy xavf tug‘dirayotgani sababli avtopilot funksiyasidan o‘ta ehtiyotkorlik bilan foydalanish haqida ogohlantiruv jo‘natdi.
Ma’lumot uchun, Tesla kompaniyasi ham bir necha bor avtopilot haydovchi o‘rnini bosmasligi, ushbu funksiyadan foydalanganda qo‘lni ruldan olmaslik va hushyorlikni boy bermaslik haqida ogohlantirgandi.
Izoh (0)