Bahrayn mezbonlik qilayotgan futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Osiyo Chempionatida 1-turning yana 4 ta o‘yiniga yakun yasaldi. Musobaqaning ilk kunida Bahrayn va Janubiy Koreya termalari g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘lgandi.
“B” guruhini KXDR yoshlari mag‘lubiyat bilan boshladi. Vyetnamga qarshi saf tortgan shimoliy koreyalik futbolchilar 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. O‘smirlar o‘rtasidagi so‘nggi Osiyo Chempionati g‘olibi bo‘lgan Iroq esa yoshlar turnirini ham ko‘tarinki ruhda boshlab, BAA ustidan g‘olib chiqdi — 1:0.
“C” guruhida Yaponiya Yamanga imkoniyat qoldirmadi — 3:0. Qatar va Eron termalari esa o‘zaro o‘yinda murosa ko‘chasini tanladi — 1:1.
Bugun — 15-oktabr kuni O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi qit’a chempionatidagi ilk uchrashuvini Tojikistonga qarshi o‘tkazadi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan 18:30 dan boshlab “Sport” telekanalida jonli namoyish etiladi. 21:30 da esa guruhdagi ikkinchi uchrashuvni o‘tkazish uchun Xitoy hamda Avstraliya termalari maydonga chiqib keladi.
O‘FF matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasidan farqli o‘laroq yoshlar termasi Bahrayndagi turnir guruh bosqichidan joy olgan har uchala o‘yinda ham oq rangli libosda harakat qiladi.
Izoh (0)