O‘zbekistonning Singapurdagi elchixonasida oldinda turgan prezidentlik saylovlari mavzusiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Jahon” xabar bermoqda.
Tadbir chog‘ida uning ishtirokchilari saylovlar o‘tkazilishiga faol tayyogarlik ko‘rilayotgani, davlat rahbari lavozimiga o‘z nomzodlarini ilgari surgan siyosiy partiyalar haqidagi ma’lumotlar bilan yaqindan tanishdi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Konstitutsiyasi, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati, shuningdek, saylov jarayonida xalqaro kuzatuvchilarning ishtiroki bilan bog’liq masalalar xususida ham atroflicha fikr yuritildi.
Tadbirning ayrim ishtirokchilari brifing yakunlari bo‘yicha “Jahon” axborot agentligi uchun intervyu berdi.
R. Gunaratna, professor, Siyosiy zo‘ravonlik va terrorizmni o‘rganish bo‘yicha xalqaro markaz direktori:
“O‘tgan yili O‘zbekiston Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan chog‘imda respublika saylov tizimi xalqaro andozalarga to‘la mos kelishiga shaxsan amin bo‘lgan edim. Oldinda turgan saylovlar ham barcha nomzodlarga birdek huquqlar taqdim etilgan holda sog‘lom raqobat muhitida o‘tishiga shubha yo‘q. O‘zbekiston xalqi mustaqil mamlakatning yanada rivojlanishi va gullab-yashnashi uchun davlat rahbari lavozimiga munosib nomzodni saylashiga ishonchim komil”.
D. Singx, Yu. Ishoq nomidagi Janubi-Sharqiy Osiyo masalalarini o‘rganish institutining mintaqaviy va siyosiy tadqiqotlar dasturlari muvofiqlashtiruvchisi:
“Barcha saylovlarda O‘zbekiston fuqarolari qatnashuvining yuqori darajasi ularning davlat hayotida faol ishtirok etishdan manfaatdor ekanliklaridan hamda barqaror va farovon jamiyat egalari bo‘lishga qaratilgan istak-intilishlaridan dalolat beradi. Saylovlarda barcha siyosiy partiyalarning ishtirok etishi, shubhasiz, ularga teng sharoitlar yaratilganini anglatadi. Shunisi quvonarliki, O‘zbekiston bu sohada ilg‘or xalqaro tajribani qo‘llamoqda”.
Izoh (0)