O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasida mamlakat ijtimoiy-siyosiy, ekspert-tahlil va ishbilarmonlik doiralari, yetakchi OAV vakillari ishtirokida O‘zbekiston Prezidenti saylovlariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Jahon” axborot agentligi xabar bermoqda.
Tadbirda Election Times gazetasi bosh muharriri, Pokiston advokatlar assotsiatsiyasi doimiy a’zosi Safir Husayn Shoh va Dispatch News Desk axborot agentligi bosh muharriri, “Pokiston—o‘zbek madaniy forumi” tashkiloti prezidenti Og‘a Iqror Xorun ma’ruzalari tinglandi.
Safir Husayn Shoh O‘zbekistonda prezidentlik saylovlariga tayyorgarlikni diqqat bilan kuzatib borayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, respublikada saylov jarayonida qonun ustuvorligi va nomzodlar saylovoldi targ‘iboti o‘tkazishida teng huquq va imkoniyatlar berilishi tamoyillariga jiddiy e’tibor berilmoqda.
Og‘a Iqror Xorun brifing ishtirokchilari diqqatini O‘zbekiston saylov qonunchiligida ovoz berish uchun barcha sharoitlar ko‘zda tutilgani, jumladan, bemorlar, qariyalar va ko‘p bolali oilalar ehtiyoji inobatga olinganiga qaratdi.
Ikki ma’ruzachi ham O‘zbekistonda 2015-yilda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida qatnashgani va mazkur siyosiy jarayon o‘tkazilishidan qoniqish bildirganini eslatib o‘tdi.
Tadbir qatnashchilari qonun ustuvorligi va Markaziy saylov komissiyasi mustaqilligi ta’minlangan O‘zbekistonda bo‘lajak saylovlar ochiq-oshkora, umum e’tirof etilgan demokratik tamoyillarga binoan o‘tishiga ishonch bildirdi.
Izoh (0)