Urganchda O‘zbekiston Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 12-Xorazm okrug saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda okrug hududida saylov uchastkalari tuzish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi, deb xabar beradi O‘zA.
Majlisda harbiy qismlar komandirlari, tuman va shahar hokimliklarining prezidentlik saylovini o‘tkazuvchi saylov uchastkalarini tuzish to‘g‘risidagi taqdimnomalari ko‘rib chiqilib, 12-Xorazm saylov okrugi hududida 447 saylov uchastkasi tashkil etildi. Saylov uchastkalarining tartib raqami, chegarasi va manzili ko‘rsatilgan ro‘yxati tasdiqlandi.
Majlisda saylov jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni, muddatidan oldin ovoz berish tartibi, saylov kampaniyasining oshkoraligini ta’minlashda ommaviy axborot vositalarining roli to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Majlisda joylarda tashkil etilayotgan saylov uchastkalarini davlat ramzlari, mebel, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, aloqa vositalari, uchastka saylov komissiyasi faoliyatini yorituvchi stendlar bilan ta’minlash, yo‘l va yo‘laklarni ta’mirlash, tevarak-atrofni obodonlashtirish yuzasidan ham zarur tavsiyalar berildi.
Izoh (0)