Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz”da 5—7-oktabr kunlari “Ipak yo‘lidagi sayyohlik” 22-Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda yarmarka tashkilotchilari — “O‘zbekturizm” Milliy kompaniyasining “Buyuk Ipak yo‘li” agentligi matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb yozadi “Gazeta.uz”. Markaziy Osiyodagi sayyohlik bo‘yicha eng yirik forum 1995-yildan buyon o‘tkazilmoqda.
Ko‘rgazma tashrifchilarini an’anaviy “Sharqona bozor”, shuningdek, O‘zbekiston hududlari va qator mamlakatlar sayyohlik salohiyati taqdimoti kutadi.
Andijon viloyati stendida andijoncha palov tayyorlash bo‘yicha mahorat darsida qatnashish va uzumning alohida navidan tatib ko‘rish mumkin bo‘ladi.
Yarmarka doirasida ekologik sayyohlikni rivojlantirish masalalari va aholiga xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlar bo‘lib o‘tadi.
Yarmarkaga Rossiya “NTV” telekanalining “Poyedem, Poyedim!” ko‘rsatuvining televizion guruhi tashrif buyurib, O‘zbekiston haqidagi ikkinchi ko‘rsatuvni suratga oladi.
Izoh (0)