Buxoro viloyatining Peshku tumanidagi “Shimoliy” kollektorning 9-xo‘jaliklararo tarmog‘ida nasos stansiyasi foydalanishga topshirildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Gidroinshootning o‘ziga xos jihati, u muayyan darajada irrigatsiya obyekti vazifasini ham o‘taydi. Vegetatsiya davrida, suv taqchil bo‘lgan yoki unga ehtiyoj ortganda, nasos stansiyasi uzatgan zovur suvi chuchuk suv bilan qo‘shilgan holda dalaga kanal orqali yetkaziladi. Mutaxassislarning fikricha, uning yordamida “Varaxsha” massividagi 1,5-2 ming gektar maydonning suv ta’minoti yaxshilanadi.
Shofirkon tumanidagi “Shimoliy Buxoro” kollektori o‘zanida ham “Chitgaron” nasos stansiyasi ishga tushirildi. Natijada 2000 gektar yerning suv ta’minoti yaxshilandi.
Mazkur obyektlar Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasining 2,7 milliard so‘m mablag‘i hisobiga “Romitandavsuvmaxsuspudratqurilish” davlat unitar korxonasi va “Buxorosuvxizmat” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan barpo etildi.
Izoh (0)