Ba’zan shunday bo‘ladiki, bir qarashda ajoyib go‘sht bo‘lagini sotib olasiz, ammo u chandirli va qattiq bo‘lib chiqadi. Shunda ham uni tashlab yuborishga shoshilmang. Yaxshi chiqmagan go‘shtni “qutqarib qolib”, uni mayin va suvli qilib pishirish iloji bor.
Eng yaxshi yechim — marinadlash. Go‘shtni o‘rtacha kattalikdagi bo‘laklarga bo‘ling, ustidan halqa qilib to‘g‘ralgan piyoz qatlamini qo‘yib chiqing. 1 osh qoshiq kuchsiz sirka eritmasi, yarimta limon suvi (1—1,5 kg uchun)dan quyib, ustini zichlab yopib qo‘ying va taxminan bir soatga qoldiring. Shundan so‘ng go‘shtni bemalol qovurib yesangiz bo‘ladi.
Ushbu vaziyatda sizga asqotadigan yana bir kutilmagan yordamchi — xantal. Go‘sht bo‘lagiga xantal surib, bir—bir yarim soatga qoldiring, so‘ng xantalni yuvib tashlab, go‘shtni pishirishga kiring — mazali chiqishi kafolatlangan.
Agar sovitgichda tuzlangan bodring yoki karam bo‘lsa — yana soz: ular mol go‘shtini yumshatishda sizga qo‘l keladi.
Ovqat shinavandalariga yoqib tushadigan yana bir usul — soyali marinad. Go‘shtni sous solingan idishda bir kechaga qoldiring (albatta sovitgich ichida), shunda ajoyib xitoycha go‘sht tayyorlashingiz mumkin.
Izoh (0)