20-sentabrning e’tiborga molik yangiliklari — “Daryo”ning kechki dayjestida.
1. Shavkat Mirziyoyev Angrenga tashrif buyurdi. O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchining tashrifi doirasida bir qator tashkiliy masalalar ham ko‘rib chiqilgan.
2. Bundan avval Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri tumanlaridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishgan edi. Jumladan, “Novza” metro bekati oldida qurilayotgan yangi yo‘l o‘tkazgich qurilishi, Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarini tutashtiradigan yangi yo‘l loyihalari bilan. Bundan tashqari, mazkur tanishuv doirasida Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi ishdan olindi, shuningdek, shahardagi pasport-viza rejimiga doir ishlarni tizimli davom ettirish haqida ko‘rsatma berildi.
3. Shavkat Mirziyoyev Toshkent metrosining “Yunusobod” yo‘nalishidagi ikkita bekatda qurilish ishlarini yakunlash yuzasidan topshiriq berdi. Gap aynan qaysi bekatlar haqida borayotganiga “Toshkent oqshomi” aniqlik kiritmagan.
4. O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaraning 23 ta hududini tekshirib chiqdi. 14—20-sentabr kunlari Jalolobod va O‘shda O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumat delegatsiyalari ishchi guruhlarining o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
5. 615 mln so‘mlik Lamborghini Gallardo Andijon emas, Toshkentda savdoga qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Auksion savdosi 22-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)