O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevning 13-sentabrdagi farmonlariga asosan O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘zgardi. Bu haqda Hukumat portali xabar bermoqda.
Xabar berishlaricha, O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchining PF-4836-son farmoniga muvofiq Alisher Vahobov oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri lavozimidan ozod etilgan.
Ayni vaqtda, Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan PF-4837-son farmoniga muvofiq, Rustam Qosimov O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri lavozimiga tasdiqlangan.
“Gazeta.uz”ning qayd etishicha, Alisher Vahobov 2014-yil aprelidan beri oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri lavozimida ishlab kelayotgan edi. Uning o‘rnini egallagan Qosimov esa 2004—2008-yillarda ham shu vazirlikka rahbarlik qilgan.
Avvalroq O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoniga muvofiq O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgan Majid Karimov oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining fan bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangani haqida xabar berilgan edi.
Hukumat tarkibidagi boshqa o‘zgarishlar:
- O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgan Majid Karimov oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi
- Abdulla Aripov hukumat tarkibiga qaytdi
- O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Adham Ikromov jismoniy tarbiya va sport masalalariga ham mas’ul etib tayinlandi
- Rustam Azimovga ta’lim va fan sohalariga ham rahbarlik qilish yuklatildi
Izoh (0)