KXDR milliy yarashuv kengashi o‘z chiqishlarida mamlakat rahbariyati harakatlarini “aqlsizlik va mustabidlik”, vaziyatni esa “favqulodda” deb atagan Janubiy Koreya prezidenti Pak Kin Xeni keskin tanqid ostiga oldi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
“KXDR ijtimoiy tizimini baholashda butkul omi ekanligini namoyish etayotgan Pak Kin Xe be’mani fikrlarni bildirishdan tiyilishi lozim. Xalq respublikasi avvalgidek taraqqiyot yo‘lidan dadil odimlashda davom etib, parallel ravishda iqtisodiyotni rivojlantirish va yadro kuchlarini mustahkamlashni amalga oshirmoqda. Janubiy Koreya rahbari Shimoldagi hamyurtlari bilan qarama-qarshilikni kuchaytirishga qaratilgan siyosati uchun javob berishiga to‘g‘ri keladi”, — deyiladi kengash bayonotida.
Shimoliy Koreyaning markaziy “Nodon Sinmun” gazetasi Pak Kin Xeni Qo‘shma Shtatlar bilan hamkorligi va Pxenyan 9-sentabrda o‘tkazgan yadro sinovini qoralagani uchun tanqid qildi. “AQSh bilan birgalikda KXDRni yakkalash va bo‘g‘ishga harakat qilayotgan Pak Kin Xe zamonaviy dunyodagi yangi yo‘nalishlarni his etmayotgan ko‘rinadi. Vashington bir tomonlama tartibda KXDRni yadro tovlamachiligiga duchor qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan davrlar o‘tib ketdi”, — deyiladi gazeta maqolasida.
Izoh (0)