AQSh prezidenti Barak Obama va sobiq davlat kotibi Hillari Klinton KXDRda o‘tkazilgan navbatdagi yadroviy sinovlardan so‘ng kongressmenlar tomonidan keskin tanqid ostiga olindi, deb xabar beradi “RBK”.
Amaldagi ma’muriyat raqiblarining fikricha, ayni paytda Obama KXDR bilan hamkorlik qilayotgan ko‘plab kompaniyalarga ta’sir o‘tkazishning samarali vositalariga ega.
Shunga qaramay, u bu dasturning rivojlantirilishiga yo‘l qo‘yib berdi.
Kongress spikeri Pol Rayanning aytishicha, Obama unga bir yil muqaddam berilgan vakolatlardan foydalangan holda Shimoliy Koreya bilan hamkorlik qilganlar, birinchi navbatda ayrim Xitoy kompaniyalariga qarshi darhol sanksiyalar joriy etishi lozim.
Rayanning fikricha, Obama Xitoy Shimoliy Koreyaning asosiy savdo sherigi ekanligini bila turib, bunga jur’at eta olmayapti.
O‘z navbatida, Donald Tramp shtabi Hillari Klintonni bo‘layotgan ishlarda aybladi.
“Bugun Shimoliy Koreya beshinchi yadroviy sinovni o‘tkazgani ma’lum qilindi — Hillari Klinton davlat kotibi bo‘lganidan buyon o‘tkazilgan to‘rtinchi sinov bu. Bu omadsiz davlat kotibining yana bir ulkan omadsizligidir. U barcha yo‘nalishlarda omadsizlikka uchradi”, — deyiladi shtab bayonotida.
Izoh (0)