O‘zbekiston va Suriya terma jamoalari o‘rtasidagi 1-sentabr kungi o‘yin oldidan matbuot anjumanida ishtirok etgan suriyaliklar bosh murabbiyi Ayman Al-Hakim jurnalistlar savollariga javob qaytardi.
Mutaxassis Suriya terma jamoasining o‘zagi o‘zgarmaganiga e’tibor qaratdi: — “Oxirgi oylarda jamoaga bir-ikki yangi futbolchi qo‘shildi. Ammo jamoa o‘zagi o‘zgarmadi. Biz yangi kuchlar bilan o‘ynashimiz kerak. Chunki 3-bosqichdagi raqiblar kuchli”.
2-saralash bosqichida Suriya terma jamoasi Singapurni yirik hisobda mag‘lub etgan bo‘lsa-da, Afg‘onistonga qarshi bellashuvda bu sermahsullikni davom ettira olmadi. Al-Hakim holatni quyidagicha izohladi: — “Singapurga qarshi o‘yinga biz yomon sharoitda tayyorgarlik ko‘rdik. Bizga qarshi o‘yinga esa Afg‘oniston shunday tayyorgarlik ko‘rdi”.
O‘zbekiston bilan o‘yinga tayyorgarlik jarayonida Suriya terma jamoasi Tojikistonga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushdi va 0:0 hisobida durang o‘ynadi.
“Biz Tojikiston termasini hurmat qilamiz. Ammo bu raqib O‘zbekiston yoki Janubiy Koreya bilan teng emas. Tojikistonga qarshi biz yangi nomlarni sinovdan o‘tkazdik. O‘sha uchrashuvda to‘p surgan futbolchilarning hammasi ertaga maydonga tushadi demagan bo‘lardim”, — deb aytib o‘tdi Suriya bosh murabbiyi.
Notinchlik hukmron bo‘lgan Suriya mamlakatida terma jamoa o‘z o‘yinlarini o‘tkaza olmaydi. Yaqindagina JCh saralashidagi uy uchrashuvlari Makaoda o‘tishiga oydinlik kiritilgandi. Masala ko‘rinishidan to‘liq hal etilmagan:
“Oxirgi 3 oyda uy o‘yinlarini qayerda o‘tkazish borasida muammoga uchrab kelayotgandik. 10 kun oldin esa Makaodan xat kelib qoldi va biz o‘yinlarni o‘sha yerda o‘tkazishga qaror qildik. Ammo endi u yerda ham o‘ynay olmasligimiz mumkinligi borasida xabarlar paydo bo‘ldi”.
O‘zbekiston va Suriya terma jamoalari ishtirokidagi o‘yin 1-sentabr kuni soat 20:00 da “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)