O‘zbekiston futzal terma jamoasining ispaniyalik bosh murabbiyi Xose Mariya Mendes Jahon Chempionatiga borishi kerak bo‘lgan darvozabonni jamoaga hurmatsizligi uchun ro‘yxatdan o‘chirib tashlaganini ma’lum qildi.
“Championat.asia” sayti uchun bergan intervyusida mutaxassis Osiyo Chempionatidagi tarkibga 3 ta o‘zgartirish kiritganiga izoh bergan.
“Klim Tyugayev mashg‘ulotlardan o‘z-o‘zidan g‘oyib bo‘ldi va 3—4 kundan so‘ng qaytib kelib, hech kimga tushuntirish bermadi. Bu murabbiy va jamoa uchun hurmatsizlik edi, shuning uchun uni ro‘yxatdan chiqarib yubordim”, — dedi Xose Mariya Mendes.
Bunga qadar futzal terma jamoasi safida 3 ta darvozabon Kolumbiyaga jo‘nab ketishi kerak edi. Ulardan biri safdan chiqqach, Mendes tarkibni o‘yinchi Ilhom Hamroyev bilan to‘ldirdi.
“Tyugayevning o‘rniga tarkibdan tushib qolgan yana ikki futbolchi: Andrey Shlyoma yoki Jamoliddin Sharipovni olib ketishimiz mumkin edi. Biroq kam o‘ynaydigan tajribalilardan ko‘ra, terma jamoa kelajagi bo‘lgan yosh futzalchini safga qo‘shishga qaror qildik. 20 yoshgacha futzalchilar o‘rtasidagi qit’a chempionatida Ilhom O‘zbekiston sardori bo‘ladi, mundial esa unga tajriba to‘plash imkonini beradi”, — deb ta’kidladi murabbiy.
Mendes Sharipov va Shlyomani tarkibdan tushirib qoldirish qiyin bo‘lganini aytib, ularga jamoaga bo‘lgan munosabatlari uchun minnatdorchilik bildirdi.
Izoh (0)