Pokistonning Kvetta shahridagi shifoxonada yuz bergan portlash oqibatida halok bo‘lganlar soni 53 kishiga yetdi. Bundan tashqari, 50 dan ortiq odam yaralangan. Bu haqda The Express Tribune ma’lumotiga tayanib, “RBK” xabar bermoqda.
Belujiston viloyati sog‘liqni saqlash vaziri Rehmat Saleh Balok qurbonlar soni 45 kishiga yetganligini ma’lum qilgan. “Yaralanganlar ko‘p, shuning uchun halok bo‘lganlar soni ortishi mumkin”, — dedi u.
Terakt Kvettada Belujiston Advokatlar uyushmasining prezidenti Bilal Anvar Kashiga nisbatan suiqasd uyushtirilgandan so‘ng yuz bergan. Politsiya va qutqaruvchilarning ma’lum qilishicha, portlash Kashi shifoxonaga yetkazilgandan so‘ng yuz bergan. Kashi keyinroq olgan jarohatlari tufayli halok bo‘lgan.
Reuters agentligining aniqlik kiritishicha, bomba ishga tushganda shifoxona binosida Kashining jasadini kuzatib borgan 50 dan ortiq odam, jumladan, huquqshunos va jurnalistlar bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq portlash oqibatida kamida 30 kishining qurbon bo‘lganligi haqida ma’lum qilingan edi.
Izoh (0)