Kikboksing bo‘yicha ikki karra jahon chempioni Suren Kalachan Moskvada jarohatlandi. Bu haqda poytaxt huquq-tartibot idoralaridagi manbaga tayanib, “TASS” ma’lum qildi.
Agentlik manbasiga ko‘ra, hodisa 7-avgust, yakshanba kuni kechki payt Moskva shimoli-g‘arbidagi Solovinaya Rosha ko‘chasida sodir bo‘ldi. Kalachan va boshqa bir erkak o‘rtasida bolalar tufayli tortishuv yuzaga keldi va olishuvga aylanib ketdi. Mojaro chog‘i sportchi raqibiga zarba berdi, u esa kikbokschiga travmatik to‘pponchadan o‘q uzdi.
Ikki erkak ham politsiyachilar hamrohligida kasalxonaga yetkazildi. Kalachan oyog‘idan yaralandi, raqibi esa tan jarohatlari oldi. Moskva ichki ishlar boshqarmasi hodisa ro‘y berganini tasdiqladi, biroq uning ishtirokchilari nomini oshkor etmadi. Tibbiy yordam ko‘rsatilgach, ular politsiya bo‘limida so‘roq qilindi. Ular bir-biriga da’vosi yo‘qligi, allaqachon kelishib olganini ma’lum qildi.