Tinch okeanining “Nida” to‘foni Gonkongga zarba berib, megapolisdagi hayotni to‘xtatib qo‘ydi. Noqulay ob-havo tufayli shaharda maktablar, davlat muassasalari, bank va ofislar yopildi, deya xabar bermoqda “TASS”.
Fond birjalarida tonggi savdolar o‘tkazilmayapti. O‘tgan oqshom shaharga tropik jala va soatiga 158 kilometrgacha yetuvchi kuchli shamol yopirildi.
Chek Lap Kok xalqaro aeroportida 156 ta reys bekor qilingan, yana 290 ta aviareys kechikkan. Kuchli to‘lqinlar tufayli Makao va Xitoyning sohilbo‘yi shaharlariga kemalar qatnovi vaqtincha to‘xtatilgan. Shahar ko‘chalari bo‘ylab ikki qavatli avtobuslar va tramvaylar harakati bekor qilingan.
Gonkong televideniyesining ma’lum qilishicha, kuchli shamol bir necha o‘nlab daraxtlarni qulatib, reklama e’lonlarini uzib ketgan. Biroq jiddiy zararlar qayd etilmagan. Hech kim jabrlanmagan.
Hozirgi paytda tropik siklon asta-sekinlik bilan Gonkongdan uzoqlashmoqda va Guandun provinsiyasi yo‘nalishida harakatlanmoqda.
Izoh (0)