2016-yilning 26–29-iyul kunlari AQShning Xalqaro rivojlantirish agentligi (USAID) O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Ftiziatriya va pulmonologiya bo‘yicha ixtisoslashgan Respublika ilmiy-amaliy markazi bilan hamkorlikda Urganch shahrida bolalar sil kasalligining tashxisi va davolashga bag‘ishlangan 4 kunlik seminar o‘tkazdi. Bu haqda USAID vakillari “Daryo”ga ma’lum qildi.
Seminar davomida Xorazm viloyatining shahar va tumanlaridagi silga qarshi muassasalarining 15 pediatr-ftiziatrlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va ilg‘or jahon tajribalari asnosida ishlab chiqilgan sil bo‘yicha Milliy dasturga muvofiq bolalar sil kasalligini oldini olish, tashxis qo‘yish va davolashdagi bilim va kasbiy ko‘nikmalari darajalarini oshirdi.
2015-yilda Xorazm, Qashqadaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlarida USAID’ning silga qarshi kurash dasturi yordamida 455 bola o‘z vaqtida va sifatli davolandi.
USAID O‘zbekiston hukumatini sil kasalligi oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan umumiy budjeti 7,6 million dollar bo‘lgan besh yillik silga qarshi kurash dasturi yordamida qo‘llab-quvvatlamoqda.
Izoh (0)