Malayziya, Xitoy va Avstraliya transport vazirlari Putrajayeda (Malayziya) 22-iyul, juma kuni 2014-yil martida g‘oyib bo‘lgan Malayziyaning Boeing (MH370) samolyotini Hind okeanida qidirish yakunlarini muhokama qiladi. Bu haqda Avstraliya infrastrukturaviy rivojlanish va transport vaziri Darren Chester ma’lum qildi, deya xabar beradi “TASS”.
“Bo‘lajak uchrashuv erishilgan natijalarni baholash va Avstraliya g‘arbidagi umumiy maydoni 120 ming kvadrat kilometr hududdagi qidirish ishlari yakunlanishi sari qabul qilishimiz mumkin bo‘lgan choralarni muhokama etish imkoniyatini beradi. 2015-yil aprelida Avstraliya, Malayziya va Xitoy hukumatlari avialayner qayerga qulaganiga oydinlik kiritadigan yangi ma’lumot bo‘lmagan taqdirda qidiruv hududi maydoni kengaytirilmasligi haqida kelishib olgan”, — deya ta’kidladi vazir.
Avstraliya transportda xavfsizlik byurosining bildirishicha, hozirgacha qidirish olib borilayotgan 120 ming kvadrat kilometrdan 110 mingdan oshig‘i tekshirib bo‘lingan. Dastlab bu ishni iyul—avgust oylarida yakunlash rejalashtirilgan, biroq mazkur hududdagi po‘rtanali ob-havo ushbu muddat surilishini taqozo etmoqda.
Izoh (0)