Konservativ partiya yetakchisi etib tayinlangan Buyuk Britaniya Ichki ishlar vazirligi rahbari Tereza Mey 13-iyul, chorshanba kuni Birlashgan Qirollik bosh vaziri lavozimini bajarishga kirishishdan avval yadroviy hujum yoki hukumat halokati yuz bergan taqdirda ochiladigan maxfiy maktublarni yozishi kerak bo‘ladi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Ushbu jarayon Britaniya vazirlar mahkamasi yangi rahbari rioya etishi lozim bo‘lgan bayonnoma bandlaridan biri hisoblanadi.
Oxirgi najot deb nomlanuvchi ushbu maktublarni Mey qo‘lda, to‘rt nusxada yozadi. Shundan so‘ng maktublar konvertlarga muhrlanib, Trident ballistik raketasi bilan jihozlangan to‘rtta suvosti kemasi komandirlariga jo‘natiladi.
Hujjat matni hech qachon e’lon qilinmaydi. Hukumat rahbari lavozimidan ketishi bilan ular yo‘q qilinadi. Ularda harakatlarning to‘rt variantidan birini amalga oshirish buyrug‘i yozilgan bo‘ladi, deb hisoblanadi: javob yadro zarbasini berish, undan bosh tortish, o‘z ixtiyoriga ko‘ra qaror qabul qilish yoki ittifoqdosh davlat qo‘mondonligi ostiga o‘tish.
Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniya energetika vaziri o‘rinbosari Andrea Lidsom bosh vazirlik lavozimi uchun kurashdan chiqqandan so‘ng, mamlakat ichki ishlar vaziri Tereza Mey ushbu lavozim uchun yagona nomzod bo‘ldi.
Izoh (0)