O‘zbekiston xalq artisti To‘ti Yusupova “Hordiq” gazetasiga bergan intervyusida bugungi darajasiga erishguniga qadar nimalarni boshdan kechirganini so‘zlab berdi, deb xabar bermoqda “Darakchi”.
“Esimda, 1949-yilda onam bilan birga Samarqandga kelganmiz. Onam meni Uspenskiy nomidagi xotin-qizlar bilim yurtining yotoqxonasiga joylashtirib ketgan. Darslar rus va tojik tillarida bo‘lardi. Bilim yurti joylashgan ko‘chaning u tomonida Hamid Olimjon nomli musiqali teatr joylashgan edi. 2-kursda bizni shu teatrga olib borishdi. U yerda ilk marotaba ‘Boy ila xizmatchi’ spektaklini tomosha qilganman-u, teatr shaydosiga aylanganman. O‘qishga borsam ham xayolim faqat teatrda bo‘lgan. Shu sababli texnikumni 3-kursda tashlab, teatrga ishga kirganman.
Ustozim Toshxo‘ja Xo‘jayev Toshkentga kelib, san’at sohasida o‘z o‘rnimni topishimga yordam bergan. Toshkentga kelishdan oldin oq fotiha olish uchun ustozim bilan birga buvamning oldiga borganman. Ustozimga ‘O‘qituvchilikka o‘qishga kirmoqchi, deb ayting, artistlikka o‘qimoqchi ekanligimni bilmasinlar’, deganman. Ular ham meni to‘g‘ri tushunib, ‘Qizingiz qobiliyatli, undan yaxshi o‘qituvchi chiqadi’, deb buvamni Toshkentga kelishimga ko‘ndirganlar. Oila a’zolarim san’atni tanlaganimni bilib, meni bu yo‘ldan qaytarishga urinishgan. Shu bois, juda ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirdim. Hatto ba’zi bir qishloqdoshlarim meni o‘ldirmoqchi bo‘lgan. Samarqandga spektakl qo‘yish uchun kelganimizda, tomosha tugagandan keyin qarindoshlarim ‘Yur, seni uyga olib ketamiz’, derdi. Aslida, ularning niyati qishloqdagi mashina yurmaydigan burilish ko‘chadagi jarlikka itarib yuborish bo‘lgan ekan.
Mana, hammasi ortda qoldi. Teatr san’atiga mehr qo‘yganimdan boshlab, onalar obrazini yaratgim kelardi. Qani endi tezroq peshonamga ajin tushib, sochlarim oqarsa-yu, ona rollarini o‘ynasam deb orzu qilardim. Orzuim amalga oshdi, teatr sahnasida turli-tuman ayollar, onalar obrazini yaratdim”, – dedi To‘ti Yusupova.
Izoh (0)