O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Yarasheva 15-iyun kuni huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qo‘lga olingan chinozlik Ahmadboyga ikki barobar ko‘paytirib berish sharti bilan 50 ming AQSh dollari bergani haqidagi xabarlarni rad etib chiqdi. Bu haqda “Qalampir.uz” xabar bermoqda.
“Men Ahmadboy haqida umuman eshitmaganman, hatto, televideniye orqali namoyish etilgan ko‘rsatuvni ko‘rganim ham yo‘q. Qo‘l telefonim tinmayapti, tanish-bilishlar ko‘ngil so‘rab qo‘ng‘iroq qilishyapti. Odamlarga hayronman, ko‘rmagan, bilmagan narsasi haqida bunday gaplarni qanday o‘ylab topisharkin?!”, — dedi Ra’no Yarasheva.
“Farzandlarimni halol mehnatim bilan boqqanman. Sudxo‘rlik eng og‘ir gunoh va jinoyat. Qo‘limda shuncha pulim bo‘lganida, yetti yot begonaning qo‘liga olib borib bergan bo‘larmidim?! Ahmadboy kim ekan, deb surishtirsam, ko‘pchilikning aldanib, pulini oldirib qo‘yganini eshitdim. Bu yerda eng asosiy aybdor — odamlarning o‘zi”, — dedi aktrisa.
“Peshona terisi bilan topgan pulini sudxo‘rning qo‘liga tutqazgan odamlarni hech qachon oqlamayman”, — dedi Ra’no Yarasheva.
Ayni vaqtda, “Qalampir.uz”ning qayd etishicha, Ra’no Yarasheva san’atkorlar haqida yolg‘on ma’lumotlar tarqatib, shubha va gumonlar ostida qolishiga sababchi bo‘layotgan ayrim kimsalarni topishda huquq-tartibot organlaridan yordam so‘ragan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)