Toshkent metropolitenining “Yunusobod” va “O‘zbekiston” yo‘nalishlarida harakatlanuvchi tarkiblardagi vagonlar soni to‘rttadan uchtaga qisqartirildi. Bu haqda Toshkent metropolitenidagi manba “Daryo”ga ma’lum qildi.
Yoz mavsumida yo‘lovchilar soni kamaygani tufayli va elektr-energiya sarfini tejash maqsadida iyun oyi o‘rtalaridan boshlab dastlab “Yunusobod” liniyasidagi barcha harakatlanuvchi tarkiblar, “O‘zbekiston” yo‘nalishidagi ba’zi harakatlanuvchi tarkiblardagi vagonlar soni bittaga qisqartirilgan.
Qayd etishlaricha, Toshkent metropolitenidagi harakatlanuvchi tarkiblardagi vagonlar soni sinov tartibida qisqartirilgan.
Ma’lumot uchun, uch yo‘nalish (“Chilonzor”, “O‘zbekiston” va “Yunusobod”) va 29 bekatdan iborat Toshkent metropolitenidan har kuni 200 mingga yaqin yo‘lovchi foydalanadi. 2015-yil iyulida metropolitendagi barcha harakatlanuvchi tarkiblar yangilanishi haqida, 2016-yil martida esa “O‘zbekiston” yo‘nalishi uchun yangi vagonlar tayyorlanayotgani haqida xabar berilgan edi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)