Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida 30-iyun–1-iyul kunlari Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida bo‘ldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Davlat rahbari Qashqadaryo viloyatiga safarining ikkinchi kuni Qarshi tumanidagi “Shukrona” fermer xo‘jaligi dalasiga tashrif buyurdi.
Qashqadaryolik dehqonlar bu yil 145 ming gektar maydonda g‘alladan mo‘l hosil yetishtirdi. Shu kunlarda o‘rim-yig‘im ishlari qizg‘in davom etmoqda. “Shukrona” fermer xo‘jaligi ham alohida faollik ko‘rsatmoqda. Mo‘ljal 20 gektar g‘allaning har gektaridan 65 sentnerdan hosil olishdir.
“Fermer va dehqonlarimiz uchun mas’uliyatli bo‘lgan shu kunlarda sizlarning yoningizga kelib, dildan suhbatlashish, hol-ahvol so‘rash, hormang, deyish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi”, — dedi Prezident.
Mustaqillik yillarida mamlakatda agrar sohada tub islohotlar amalga oshirilgani, yerga, mehnatga munosabat o‘zgargani, dehqonchilik madaniyati yuksalgani samarasida qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil yetishtirilayotir.
Bugungi kunda Qashqadaryo har tomonlama rivojlangan viloyatlardan biriga aylandi. Mamlakat g‘alla xirmonining 12 foizi, paxtaning qariyb 15 foizi shu viloyatda yetishtirilmoqda. Bu yil g‘alla hosildorligi gektariga o‘rtacha 62 sentnerni tashkil etayotgani ham qashqadaryolik mirishkorlarning fidokorona mehnati va omilkorligi samarasidir.
Prezident rahnamoligida Qashqadaryo viloyatida ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Qarshi shahrida yangi yo‘l va ko‘priklar, ko‘p qavatli uy-joylar, bog‘ va xiyobonlar, xizmat ko‘rsatish obyektlari bunyod etildi va bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha sharoit va qulayliklar yaratilmoqda.
Shahrisabzda ham keng ko‘lamli qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Oqsaroy majmuasi atrofidagi maydon kengaytirilib, Chorsu bozori, Ko‘kgumbaz, Dorut-tilovat, Dorus-saodat obidalarini bog‘lovchi so‘lim xiyobon barpo etildi. Shaharning sayyohlik salohiyatini yanada oshirish maqsadida Qarshi shahriga boradigan 129 kilometrlik zamonaviy yo‘l qurilmoqda.
“Qarshi va Shahrisabz shaharlarini har tomonlama obod qilish uchun katta mablag‘ va resurslar ajratilgan, — dedi Islom Karimov. — Shaharlar qiyofasi, infratuzilmasi shunga mos bo‘lishi kerak. Maqsad — aholimiz uchun barcha zamonaviy sharoitlarni yaratish, xalqimiz turmush farovonligini yanada yuksaltirishdir. Shu bilan birga, bugun amalga oshirayotgan ishlarimiz kelajak avlodlarimizga ham xizmat qilsin”.
“Mustaqilligimizning har bir yili, aytish mumkinki, har bir oyi tarixiy voqealarga, ulkan muvaffaqiyatlarga boy bo‘lmoqda, — dedi “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Yanvar Inoyatov. — Buni har qadamda his etyapmiz, barcha viloyatlar misolida ko‘ryapmiz. Yaqinda Angren–Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li ishga tushirilganini televizor orqali ko‘rib, hammamiz astoydil quvondik. Uni asr mo‘jizalaridan biri deganlaricha bor. Nihoyatda qisqa muddatda — atigi 32 oyda 123,1 kilometrlik temir yo‘l va 19 kilometrdan ziyod tunnel qurish hazilakam ishmi! Bunday ulkan loyihalarni iqtisodiy va ma’naviy jihatdan qudratli davlatgina amalga oshira oladi”.
Prezident fermer va ishchilarning mehnat qilishi hamda dam olishi uchun yaratilgan imkoniyatlar, oilaviy sharoitlari bilan qiziqdi. Namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan uy-joylar xalq turmush darajasini, dunyoqarashini, madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
“Shukrona” fermer xo‘jaligi rahbari Hotam Jumayev, “Abdiyev Majid” fermer xo‘jaligi rahbari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Suyun Abdiyev, G‘uzor tumanidagi “Zarbdor” qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Ra’no Jonquvvatova, Shahrisabz pedagogika kolleji o‘qituvchisi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Shahnoza Xolmahmatova, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi Eson Rajabov va boshqalar Prezident rahnamoligida, butun mamlakatda bo‘lgani kabi, Qashqadaryo viloyatidagi taraqqiyot, o‘zgarishlar odamlarning hayot darajasini oshirayotgani, o‘z mustaqil fikriga, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga ega yoshlar katta yutuqlarga erishayotganini alohida ta’kidladi.
Prezident Islom Karimovning Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga safari davomidagi uchrashuv va muloqotlar, ularda bildirilgan fikrlar amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak samaralar berayotganini, mamlakat taraqqiyoti, xalq farovonligini muttasil yuksaltirishga xizmat qilayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Izoh (0)